Chuqur tahlil asosida

2016-07-27

Andijon viloyatida joriy yilning birinchi yarmida investitsiya dasturi doirasida 58 ijtimoiy soha obyekti va suv tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Viloyat korxonalari tomonidan 83 million dollar miqdoridagi tovarlar eksport qilindi. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortib, 44 yangi korxona eksport qiluvchi korxonalar safiga qo‘shildi. Ular tomonidan 67 million dollardan ziyod miqdordagi tovar va xizmatlar, jumladan, to‘qqiz turdagi yangi mahsulotlar eksport qilindi.

2016-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida bular alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov boshqargan yig‘ilishda 2016-yilning olti oyida viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish borasida turli yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.

Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida o‘sish ta’minlandi, sanoat mahsulotlari 37,3 foiz, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 7, qurilish ishlari 20,3, chakana savdo aylanmasi 14,8, xizmatlar 16,7, asosiy kapitalga investitsiyalar kiritish hajmi 41,3 foiz oshdi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish barqaror o‘sishning asosiy omili bo‘ldi. Viloyat iqtisodiyotida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan sanoat sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiyotga jalb etilgan investitsiyalarning asosiy qismi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik yangilashga yo‘naltirildi. Xususan, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan, hisobot davrida 150,3 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 1 ming 283 yangi loyiha amalga oshirildi. Birgina sanoat sohasida 244 yangi ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi.Yangi loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 12 ming 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Yil boshidan 1 ming 94 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 594 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir. 131 tadbirkorlik subyektiga tender savdolari orqali 3,4 gektar yer maydonlari ajratib berildi.

Joriy yilda viloyatning 27 qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida qurilishi rejalashtirilgan 1 ming 139 uy-joylardan 315 tasi foydalanishga topshirildi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligining meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida viloyat bo‘yicha 299,5 ming tonna meva-sabzavotni eksport qilish yuzasidan 26 shartnoma tuzilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Yig‘ilishda ayrim sohalarda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilmayotganligi qayd etildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Andijon viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA