Rejalar tahlili

2016-07-27

Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi, sanoat, kichik biznes va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan loyihalar asosida joriy yilning olti oyida 18 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

2016-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan viloyat faollari yig‘ilishida bu alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi X.Bozorov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama etildi.

Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 3 trillion 441,1 milliard so‘mni, o‘sish sur’ati 9,2 foizni tashkil etdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 12,7 foiz, qishloq xo‘jaligi 8, iste’mol mollari ishlab chiqarish 13, investitsiyalarni o‘zlashtirish 9,8, qurilish ishlari 12,9, chakana savdo aylanmasi 14, xizmatlar 12,9 foizga oshdi. 56 korxona tomonidan 18,5 million dollar miqdorida eksport amaliyoti bajarildi. Tashqi bozorga chiqarilayotgan mahsulotlar turi 21 taga ko‘paydi.

Prezidentimizning 2015-yil 24-noyabrdagi “2016-2019-yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida” gi qarori asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 57 loyihadan 40 tasi tijorat banklarining 10,6 million dollar kredit mablag‘i bilan moliyalashtirildi. 30 loyiha foydalanishga topshirildi.

Yig‘ilishda eksport turi va hajmini kengaytirish, mahalliy tovarlar uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish, xususan, meva-sabzavot eksporti parametrlarini bajarish, yo‘l-transport infratuzilma obyektlarini foydalanishga topshirish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va kommunal sohalar, uy-joy fondining joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar, xususan, 150 ga yaqin sanoat korxonasi ishlamayotgani, 700 dan ziyod korxona vaqtincha faoliyat ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi. Bu borada Namangan shahri, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Pop, Uychi, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy tumanlarida sustkashtlikka yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi va ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Namangan viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA