Tahlil va tanqid ruhida

2016-07-27

Termizda joriy yilning birinchi yarmida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi T.Mamaraimov boshqargan yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida izchil o‘sish sur’atini ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi. Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar samarasi muhokama etildi.

Hisobot davrida viloyatda 977,2 milliard so‘mlik yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarildi, o‘sish sur’ati 9,8 foizni tashkil etdi. Yalpi hududiy mahsulotda sanoatning ulushi 5,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,8, qurilish-montaj ishlari 17,3, chakana savdo aylanmasi 14,5, xizmatlar hajmi 16,2 foizga oshdi. Ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 16,7, jumladan, xorijiy investitsiyalar 12,6 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Viloyatning 2016-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq 215 milliard so‘mlikdan ziyod 89, jumladan, xorij investitsiyasi ishtirokidagi 8 loyiha amalga oshirildi, 1 ming 345 yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida amalga oshirilgan 106,3 milliard so‘mlik 894 loyiha doirasida 5 ming 300 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida 883 yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, yalpi hududiy mahsulotda uning ulushi 62,7 foizga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 388 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilib, 26 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Aksiyadorlik jamiyatlarining uchta davlat aksiyalari paketi, 45 davlat mulki obyekti xususiy mulkdorlarga sotildi. Shundan 31 tasi tadbirkorlarga 60 milliard so‘mlik investitsiya kiritish va 1 ming 120 ish o‘rni yaratish sharti bilan nol qiymatda berildi.

Olti oyda viloyatda 52,9 million dollar qiymatidagi mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi. Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kamaygani, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan to‘rtta loyihadan ikkitasi bajarilmagani, 874 kichik biznes subyekti faoliyati to‘xtab qolgani tanqid qilindi. Eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportbop mahsulotlar turi va hajmini ko‘paytirish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilib, 9 korxonada mahsulot eksporti amalga oshirilmagan. 8 korxona belgilangan eksport prognozini bajarmagan. Investitsiya dasturi doirasida yangidan qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan va mukammal ta’mirlanayotgan ijtimoiy soha obyektlarining ayrimlarida qurilish ishlari sust kechmoqda.

Tadbirda debitorlik va kreditorlik qarzlarini tugatish, korxonalarning barqaror moliyaviy ahvolini ta’minlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirib, xususiy mulkni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha tahlil qilindi va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Manba: O'zA