Onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi

2016-11-09

Jizzax viloyatida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 486 milliard 881,3 million so‘m sarflandi.

Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, bo‘lg‘usi onalar salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Zarbdor, Mirzacho‘l, G‘allaorol, Baxmal, Jizzax, Zafarobod tumanlari tibbiyot birlashmalari binolarida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi.

Dastur doirasida viloyat ona va bola skrining markazi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olish, tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash imkonini kengaytirdi. Tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash maqsadida joriy yilda 7 ming 800 ga yaqin homilador ayol skrining tekshiruvidan o‘tkazildi.

– Davlat dasturi ijrosi doirasida nikohdan o‘tuvchilar salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.To‘rayeva. – Nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari izchil olib borilayotir. Bunda xotin-qizlar qo‘mitalari, tibbiyot muassasalari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari, fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara bermoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida sanitariya-gigiyena va sog‘lom ovqatlanish qoidalariga rioya qilish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning og‘ir oqibatlari kabi mavzularda 900 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi.

Dasturni amalga oshirishda bolalar, xususan, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan tadbirlar ijrosini ta’minlash alohida o‘rin tutmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda neonatal skrining qilingan 6 ming 640 chaqaloqdan 20 nafarida kasallikka moyillik aniqlanib, qayta (retest) neonatal skrining tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijalarida tug‘ma gipoterioz va boshqa kasallikka moyillik qayd etilgan 2 chaqaloq davolash tadbirlariga qamrab olindi. Bundan tashqari, yil davomida turli tibbiy ko‘riklar o‘tkazib kelinayotgani bolalarda uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoniyatini kengaytirmoqda.

Dasturda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishini ta’minlashda kadrlar malakasini oshirish muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda 325 shifokor va 1 ming 229 o‘rta tibbiyot xodimining malakasi oshirildi, 247 nafari ixtisoslashtirildi. Sport-sog‘lomlashtirish, Mehribonlik uyi, maktab-internatlar tarbiyalanuvchilarini yozgi oromgohlarda bepul dam oldirish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha belgilangan tadbirlar ham to‘liq bajarildi.

Muxtasar aytganda, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kelajak avlodning har tomonlama sog‘lom voyaga yetishiga mustahkam zamin yaratmoqda.