Seminar - trening. Kun tartibida - deputatlik nazorati

2016-11-10

Gulistonda “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi va boshqa dasturlarning ijro etilishi yuzasidan deputatlik nazorati samaralari: yutuqlar, muammolar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida seminar –trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jizzax va Sirdaryo viloyatidan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasiga yordam beruvchi Sirdaryo va Jizzax viloyati bo‘yicha ishchi guruhlari a’zolari, tuman va shahar kengashlari doimiy komissiya raislari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Seminar-treningni viloyat hokimining o‘rinbosari Ravshan Mamadaliev ochdi va boshqarib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimlik vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov seminar-treningni maqsad va vazifalariga batafsil to‘xtalib, uning ishiga muvaffaqiyat tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni yuridik bo‘limi mudirining o‘rinbosari Alisher Mahmudov “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari nazorat faoliyatining huquqiy asoslari va ularni amalga oshirish mexanizmlari: amaliyot, tajriba va istiqboldagi vazifalar” mavzusida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich loyihasi” vakili Dilshod Isroilov “Deputatlik so‘rovi – deputatlik nazoratining muhim shakli sifatida” mavzusida ma’ruzalar qildilar.

“Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturining Sirdaryo viloyatida ijro etilishi yuzasidan deputatlik nazorati holati: muammo va uning echimlari” mavzusida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi o‘rinbosari O‘tbosar Abdiev, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Xolida Alimovalarning hisobotlari eshitildi.

Seminar-treningda Sirdaryo viloyatidagi Senat komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruh raisi o‘rinbosari Alisher Toshmatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Jizzax viloyatidagi Senat komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhi rahbari Gulnora To‘raevalar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy davlat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhlar faoliyatini yanada jonlantirish masalalari” haqida gapirib, bu borada erishilgan yutuqlar hamda muammolar xususida gapirdilar.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi etakchi mutaxassisi Ozod Jo‘raev, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Jizzax viloyati hududiy bo‘limi etakchi mutaxassisi Dilshod Mirzaahmedov o‘z chiqishlarida “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi va boshqa dasturlarning ijro etilishi yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshirishda siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining ishtiroki” mavzulariga to‘xtaldilar.

Seminar-treningda nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, bir qator xalq deputatlari tumanlar va shaharlar doimiy komissiyalari raislari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikr, mulohaza va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.