Oltiariqlik fuqaroning murojaati “O‘ztransgaz” kompaniyasi tomonidan ikki kun ichida hal etib berildi

2016-12-21

Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida inson, uning huquqi oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularda ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur kompaniyaning tarkibiy tuzilmalari hamda tumanlardagi filiallari faoliyati bilan bog‘liq masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniya boshqaruvi raisiga yuborish uchun “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining virtual qabulxonasi ishga tushirildi.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Muxtorali Qo‘chqorov tabiiy gaz bosimi juda pasayib ketganligi, qishning sovuq kunlarida mahalla xonadonlari sovib ketayotganini aytib, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasiga murojaat qilgan.

– Yurtimizda tashkilotlarning virtual qabulxonalari ishga tushirilgani biz fuqarolarning og‘irini yengil qilmoqda, – deydi M.Qo‘chqorov. – Gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar va nuqsonlar endi barham topadi, deb umid qilamiz. Shikoyatim ikki kun ichida o‘rganilib, soha xodimlari mahallamizdagi gaz trubalari yaroqsiz holatda ekanligini aniqlab, yangisiga almashtirdi. Hozir «zangori olov» bosimi me’yorida. Muammolarimizni o‘rganib, vaqtida hal etganlari uchun mazkur kompaniya xodimlariga mahallamiz nomidan tashakkurnoma yubordik.

Ana shu mazmundagi ariza-murojaat Jizzax shahrining Olmazor mahallasidagi Toshloq ko‘chasi, 7-uyda yashovchi Bobur Ismoilovdan ham kelib tushgan.

– Gaz ta’minotida muntazam uzilishlar bo‘lib turardi, – deydi B.Ismoilov. – Shu bilan birga gaz bosimi pasayib ketardi. “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining virtual qabulxonasi ishga tushganini eshitib, mazkur muammolarni hal etishda amaliy yordam so‘rab, ariza bilan murojaat qildim. Uch kun ichida soha xodimlari kelib, muammoning yechimini topdi. Aholi tomonidan ko‘plab qo‘lbola gaz uskunalari o‘rnatilgani, noqonuniy gaz ta’minotidan foydalanayotgan shaxslarning nojo‘ya hatti-harakatlari sababli ayrim fuqarolar jabrlanayotgani oshkor bo‘ldi. Muammolar joyida hal etildi.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining virtual qabulxonasi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini tubdan isloh etish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, samaradorligini oshirishda ayni muddao bo‘ldi. www.uztg.uz virtual qabulxonasi, +99871 150-31-14 raqamli “ishonch telefoni” va kompaniya elektron pochta manziliga murojaat qilish va ko‘tarilgan savollarga javob olish imkoniyati yaratildi.