Olmazor va Sergeli tumanlarida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

2017-01-18

Mamlakatimizning barcha hududlarida ishbilarmonlar manfaatlarini ta’minlash, ular duch kelayotgan muammolarni aniqlash va hal etish maqsadida davlat va nazorat qiluvchi organlar mas’ul xodimlari hamda tadbirkorlarning ochiq muloqotlari tashkil etilmoqda

Ana shunday tadbirlar poytaxtimizning Olmazor va Sergeli tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar hokimligi va prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan uchrashuvlarda mazkur tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, hokimlik, prokuratura, soliq, moliya, bank sohalari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirlarda Olmazor tumani hokimi B.G‘oyibnazarov, Sergeli tumani hokimi F.Maqsudxo‘jayev va boshqalar mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Olmazor tumanida sakkiz mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Tuman hokimligida haftaning har juma kuni tadbirkorlar uchun «Ochiq eshiklar kuni» deb e’lon qilingan, «Yagona darcha» markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

– Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda o‘z tikuvchilik seximni tashkil qildim, – deydi «A’lo omad rivoj» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mahbura Qodirova. – Hozir korxonamizda 80 kishi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati kollej bitiruvchilaridir. Korxonada maxsus kiyimlar, maktab va sport liboslari, choyshab va yostiq jildlari tayyorlamoqdamiz. Ishlab chiqarish hajmi oshib, mahsulot tannarxi pasaymoqda va korxonaning iqtisodiy salohiyati yuksalmoqda. Bugungi tadbirda qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida batafsil ma’lumot oldik. Mutaxassislar ish faoliyatimizni yanada kengaytirish, banklardan imtiyozli kredit olish yo‘llarini tushuntirib berdi.

Yig‘ilishda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga doir yetarli normativ-huquqiy hujjatlar bazasi yaratilganligi qayd etildi. Shu bilan birga ayrim mahalliy hokimlik, davlat va boshqaruv organlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ular faoliyatiga to‘sqinlik qilish va huquqlarini buzish holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

– Tumanimizda besh mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Sergeli tumani hokim o‘rinbosari Baxtiyor Shomurodov. – Prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlar bilan davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Buning samarasida yetti yuzdan ortiq kichik biznes subyektining turli muammolarini hal etishiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Ma’lum sabablarga ko‘ra yetmish uch tadbirkor faoliyati to‘xtatilgan edi. Ularning faoliyati prokuratura, hokimlik va boshqa idoralar bilan hamkorlikda qayta tiklandi.

Tadbirda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, muammolar yechimi yuzasidan mutasaddilardan javob oldi. Tadbir doirasida tuman tadbirkorlari ishlab chiqargan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.