Fond bemor bolalarni davolashda ko‘maklashib, oilalarga quvonch ulashmoqda

2017-02-22

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Dilrabo Sobirova matematika faniga, komputerga qiziqadi. U darsdan bo‘sh vaqtlarida komputer, rasm to‘garaklariga qatnashadi.

Avvallari Dilraboning sog‘lig‘i yomonligi oqibatida maktabdagi darslarni ko‘p qoldirardi. U yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan edi. Bu xastalik qizni madorsiz va kamquvvat qilib qo‘ygandi. Dilrabo maktabga qatnayotgan tengdoshlariga havas qilardi.

Qizaloqning onasi farzandining salomatligini tiklashda ko‘mak berishini so‘rab, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondiga murojaat qildi. Fond tashabbusi bilan Dilrabo yurtimiz hamda xorijlik mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, davolanishi uchun sharoit yaratildi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining malakali mutaxassislari tomonidan qilingan operatsiya qizaloqni sog‘lom hayotga qaytardi. Uning yuragidagi 8 santimetrlik teshik murakkab jarrohlik amaliyoti orqali davolandi. Hozir u tengdoshlari qatori maktabga boradi, o‘zi qiziqqan mashg‘ulot bilan shug‘ullanadi.

– Farzandimning sog‘ayib, oyoqqa turib ketishi uchun ko‘maklashgan insonlardan bir umr minnatdormiz, – deydi Dilraboning onasi Marhabo Shokirova. – Qizimning sog‘ayib ketishi uchun uzoq davolanishiga, murakkab operatsiyani boshdan kechirishiga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, o‘sib kelayotgan navqiron avlodni turli xastaliklardan asrash, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida, ko‘plab og‘ir xastaliklar va nogironlikning oldi olinmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur qarorda hamda «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan ham ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-yanvar va 7-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan majlislarda sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh etish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, tizimda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish va tibbiyot rivojini yangi bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar belgilab berildi. Xalqimizga, xususan, olis hududlarda yashovchi aholiga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga doir aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.

– Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ularga «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» dasturining mazmun-mohiyatini tushuntirish, tug‘ruq yoshidagi ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni yanada takomillashtirish borasida fond tomonidan izchil ishlar olib borilmoqda, – deydi «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayiya fondi boshqaruv raisi S.Inomova. – Fond onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, kam ta’minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida qator xayrli ishlarni bajarmoqda. Germaniya, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Hindiston singari mamlakatlar bilan hamkorlikda turli loyihalarni hayotga tatbiq etayotir.

Fond bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma doirasida 2016-yilda 27 nafar bemor bola Germaniya klinikalariga davolanishga yuborildi va ilgari davolanishga yuborilgan 29 bola salomatligini tiklab yurtimizga qaytdi. O‘tgan yilda lab tanglayida va oyog‘ida tug‘ma nuqsoni bor va terining kuyish asoratlari bo‘lgan uch yuzdan ziyod o‘g‘il-qizda yurtimiz shifoxonalarida jarrohlik amaliyoti o‘ztkazilib, davolandi.

Yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarni davolashda Janubiy Koreya, Hindiston, Ukraina kabi mamlakatlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilda bir necha marotaba koreyalik mutaxassislar yurtimizga tashrif buyurib, 400 nafardan ortiq bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Xastalik aniqlangan o‘nlab bolalar mamlakatimiz va Janubiy Koreya shifoxonalarida jarrohlik yo‘li bilan davolanib, salomatligini tikladi.

Bugungi kunda fondning viloyatlar va Toshkent shahrida 14 tibbiy-ijtimoiy markazi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar shifokor va mutaxassislar yordamida sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Mutaxassislar mahalla va qishloqlardagi oilalarning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit, oila a’zolarining, ayniqsa, tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlarning sog‘lig‘ini o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yilda fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yigirma uch mingdan ziyod oilaning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit va bolalar sog‘lig‘i o‘rganilib, 271 mingdan ziyod aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘riklar davomida fond xodimlari va Xotin-qizlar qo‘mitasi faollari bilan birgalikda bolalar, o‘smirlar va ayollar o‘rtasida “Reproduktiv salomatlik haqida”, “Yod tanqisligi kasalliklari”, “Ayollarda ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari haqida”, “O‘smir qizlar orasida reproduktiv salomatlikni saqlash va o‘smir qizlar gigiyenasi”, “Bolalardagi tug‘ma anomaliyalar sabablari”, “Kamqonlik va uning oldini olish”, “Qandli diabet”, “Infeksion va parazitar kasalliklarni profilaktikasi” singari mavzularda ma’ruzalar o‘qilib, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda zamonaviy aloqa texnologiyalari qo‘llanilgan holda slayd va videofilmlar namoyish etildi hamda interfaol usuldan foydalanildi. Tadbirlar davomida aholiga fond tomonidan chop etilgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi buklet va risolalar, dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat va nogironlik aravachalari tarqatildi.

Xotin-qizlar, ayniqsa, bo‘lajak onalarning oila va farzand tarbiyasi, sog‘lom avlodni dunyoga keltirish borasidagi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tibbiy-ijtimoiy markazlarda «Yosh onalar maktabi» tashkil etilgan.

2016-yilning noyabr oyida Koreya Respublikasining “Vision Care Servise” xalqaro tashkiloti shifokorlari tomonidan Farg‘ona viloyati oftalmologiya shifoxonasida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida istiqomat qiluvchi bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘riklar natijasida bemorlardagi katarakta xastaligi davolanib, ko‘z gavharini almashtirish jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan bunday xayrli ishlar zamirida farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashdek ezgu maqsad mujassam. Zero, har jihatdan yetuk avlod nafaqat oilaning, balki yurtimizning porloq kelajagi bunyodkorlaridir.