Surxondaryoda salomatlik kunlari

2017-03-28

"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi” 22-26-mart kunlari Surxondaryo viloyatining chekka qishloqlaridagi xotin-qizlar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatdi.

Zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan “Salomatlik poyezdi” Uzun tumanidagi Sariosiyo temir yo‘l bekatida davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik tomonidan kutib olindi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda aholi salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, onalar va bolalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish orqali har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Bu jarayonda yolg‘iz keksalar, nogironlar va boshqa ehtiyojmand toifalarning to‘laqonli hayot kechirishini ta’minlash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida“gi farmoni hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi ham bu vazifalar izchilligini ta’minlashda faol ishtirok etib, ehtiyojmand insonlarga tibbiy-ijtimoiy ko‘mak berayotir. Olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga tibbiy-profilaktika va zamonaviy diagnostika yordami ko‘rsatilmoqda.

Salomatlik kunlari mamlakatimiz poytaxtidan kelgan tajribali shifokorlar "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi viloyat filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi hamkorligida chekka va tog‘li qishloqlarda yashayotgan aholi, ayollar hamda bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. 1 milliard 240 million so‘mlikdan ortiq insonparvarlik yordami ko‘rsatildi, dori-darmon va tibbiy anjomlar topshirildi.

– Malakali shifokorlar dastlab Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlarida 1 ming 500 dan ziyod aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, – deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi Surxondaryo viloyati filiali rahbari Hulkar Egamberdiyeva. – Kasallik aniqlangan bemorlarga maslahat va tavsiyalar berildi, shifoxonalarda davolashga yo‘naltirildi. Ayrim bemor bolalar chet ellik mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazish yoki xorijda davolatish uchun tegishli tartibda ruyxatga olindi.

Viloyatning “Qumqo‘rg‘on”, “Boysun”, “Darband” temir yo‘l bekatlarida Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Boysun kabi tumanlarda istiqomat qilayotgan 1 ming 300 ga yaqin kishi, jumladan, ayollar va bolalar mutaxassis-shifokorlar qabulida bo‘ldi. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida o‘tkazilgan tekshiruvlarda yurak qon-tomir tizimi, nafas olish, ovqat hazm qilish, kamqonlikning turli darajalari, asab va endokrin kasalliklar, tayanch harakat tizimi, stamatologik va boshqa xastaliklar aniqlandi.

– Yoshim 64 da, – deydi Boysun tumanining Xo‘jabulg‘on mahallasidan Iqlim momo Nazarova.– Anchadan buyon o‘zimni behol his etayotgan edim. Mana bugun Toshkentdan kelgan tajribali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdim. Buyrak va o‘timda o‘zgarish borligini aniqlashdi, zarur muolajalar olishim kerakligini aytishdi. Kelinim va kenja nevaramni ham ko‘rsatdik. Foydali maslahatlar oldik. Baraka topishsin!

Aksiya doirasida viloyatning chekka hududlarida yashayotgan 1 ming 500 ga yaqin ehtiyojmand insonlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari va nogironlarga dori-darmon, poyafzal, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachasi, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

– Taqdir ekan, to‘shakka mixlanib qolganman, – deydi sariosiyolik birinchi guruh nogironi Tohir Ashurov.– Endi mana bu nogironlik aravachasida bemalol toza havoga chiqaman, ko‘ngil yozib, tevarak-atrofni tomosha qilaman. Bunday e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

Salomatlik kunlari Qumqo‘rg‘on, Boysun tumanlari tibbiyot birlashmalari, viloyat endikrinologiya dispanseri, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi, Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyi va Sho‘rchi tumanidagi maxsus maktab-internatga zarur dori-darmon, tibbiy anjomlar, vitaminlar bilan to‘yintirilgan oziq-ovqat mahsulotlari, badiiy-ijtimoiy kitoblar, sanitariya-gigiyena vositalari, poyafzal topshirildi. Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.

“Salomatlik poyezdi” Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.