Farg‘onada yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda

2017-08-03

Farg‘ona viloyati shahar va tumanlarida yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Yosh tadbirkorlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Farg‘ona tumanidagi asalarichilik ishlab chiqarish-o‘quv markazida bo‘lib o‘tgan muloqotda tijorat banklari mas’ul xodimlari, tadbirkorlar, fermerlar va yoshlar ishtirok etdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati navqiron avlod vakillarining turli sohalarda o‘z salohiyati va imkoniyatini keng namoyon etishida muhim omil bo‘lmoqda. Buni viloyat yosh fermer va tadbirkorlari faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

– Yosh tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan behad mamnunmiz, – deydi Quvasoy shahridagi “Qodirjon yevro servis” xususiy korxonasi rahbari Kamoliddin Qurbonov. – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bizga har tomonlama ko‘mak berishga tayyor. Biz yagona maqsad sari birlashib, yurtimizning jahondagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Yosh tadbirkor va fermerlar o‘z yutuqlari va hozirgi kunda sohaga qaratilayotgan katta e’tibor to‘g‘risida fikr almashdi. Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi muammolar ochiq o‘rtaga tashlandi. Mutaxassislar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni amalga oshirishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berdi.