Ohangaronda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

2017-08-16

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sog‘liqni saqlash, adliya sohasi mutaxassislari, Angren, Olmaliq shaharlari yoshlari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlarning muammo, taklif va istaklari o‘rganilib, ularga hududlar kesimida yechim topish bo‘yicha fikr almashildi. Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashining 2017-yil 5-iyuldagi yig‘ilishi bayoni ijrosiga muvofiq, imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazini tashkil etish hamda uning vazifalariga oid ma’lumot berildi.

– Hamkor tashkilotlar bilan birga, barcha tuman va shaharlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan 100 dan ortiq yoshlar bilan Piskent, Yangiyo‘l, Parkent tumanlarida ham ochik muloqotlar tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi raisi D.Karimov. – Yoshlarning ishga joylashishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish, salomatligini tiklashi yuzasidan murojaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi shakllantirildi.