Zarbdor tumanida sayyor qabul va uchrashuv o‘tkazildi

2017-09-29

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi va Jizzax viloyati kengashi hamkorligida Zarbdor tumanida sayyor qabul va uchrashuv o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar aholining ijtimoiy muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Tuman hokimligi, mahalliy Kengash deputatlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan ushbu tadbir ham shu maqsadda tashkil etildi.

Sayyor qabulda toza ichimlik suvi yetishmasligi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, gaz va elektr ta’minotida mavjud uzilishlar kabi muammolar yuzasidan 22 murojaat bo‘ldi. Ushbu masalalarning 8 tasi joyida hal qilindi. 9 masala bo‘yicha mahalliy Kengash deputatlari tomonidan tegishli tashkilot rahbarlariga deputatlik so‘rovi yuborildi. 5 masala viloyat tashkilotlariga murojaat qilish orqali hal qilinishiga kelishildi.

“Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ortiqboy Mirzayev katta oila bir hovlida qiynalib yashayotgani tufayli qo‘shimcha uy-joy ajratilishida yordam so‘rab murojaat qildi. Uning oilali farzandiga Zarbdor qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining turar joyga aylantirilayotgan yotoqxonasidan uy ajratilishini tuman hokimligi zimmasiga oldi.

– Sayyor qabulda murojaatimni hisobga olib, menga tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan sanatoriyga yo‘llanma ajratiladigan bo‘ldi, – deydi Ravot mahallasida yashovchi II guruh nogironi Shuhrat Mamatqulov. – Odamlarning muammosini ularning huzuriga kelib hal etishdek juda zo‘r tizim yaratilganidan barchamiz xursandmiz.

Tozaurug‘ mahallasidan Bekpo‘lat Xoljigitov, Andijon qishlog‘idan Pardaboy Yusupovning davolanishga yo‘llanma, Yangi hayot mahallasidan Oysara Turatova eshitish moslamasi, Oqbuloq qishlog‘idan Shohida Habibullayeva moddiy yordam so‘rab qilgan murojaatlari ham qabulda ijobiy hal etildi.

Tadbir davomida partiya mas’ullari va partiyadan saylangan deputatlar tumandagi “Sharq Yulduzi” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi fermer xo‘jaligi dalasida hasharchilar bilan uchrashdi, ilg‘or terimchilarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyat, tuman badiiy jamoalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.