O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tashabbuslari Vashingtonda e’tirof etildi

2018-05-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018-yil 15-17 may kunlari rasmiy tashrif bilan AQSHda bo‘ladi.

Davlatimiz rahbarining AQSHga rasmiy tashrifi oldidan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari qator muhim tadbirlarda ishtirok etmoqda. Vashington shahridagi Milliy press-klubda “O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasida erishgan yutuqlari va istiqboldagi vazifalar” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Xalqaro press-klub, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan anjumanda taniqli olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, fransiyalik tarixchi olim, sotsiolog M.Laryuel, Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari S.Sverdlov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Xalqaro press-klub rahbari Sh.Qudratxo‘jayev va boshqalar O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, inson huquqlarini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, yurtimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning asosida qabul qilingan qonunlar jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini isloh qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. O‘zbekiston Konstitutsiyasida mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o‘z ifodasini topgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 ta asosiy hujjatga qo‘shilgan, BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisidir.

Mamlakatimizda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘z modeli, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirilgan.

O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida qonun hujjatlari muttasil takomillashtirib borilmoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mamlakatning xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti sifatidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin olish, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Konferensiyada so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida e’tirofga sazovor bo‘layotgani qayd etildi.

Tadbirda mamlakatimizda sud hokimiyatining fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi roli, sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashildi.

Soha mutaxassislari jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

VASHINGTON, 14-may. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘ROZOV xabar qiladi.

Manba: O'zA