Sarhisob va istiqbol rejalari

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2015-yilning o‘tgan 9 oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yakunlari va galdagi vazifalar atroflicha muhokama etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov boshqargan yig‘ilishda tegishli vazirliklar, birlashmalar, korxona va tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz tomonidan joriy yil uchun belgilab berilgan iqtisodiy dasturlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiraga g‘amlash, eksport rejalarini bajarish va keyingi yilda eksport hajmini yanada oshirish masalalari muhokama etildi.
Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar asosida joriy yilning 9 oyida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, asosiy yalpi hududiy mahsulot 3 trillion 45 milliard so‘m yoki 108,7 foizni tashkil etdi. Yalpi hududiy mahsulotda kichik biznesning ulushi 66,7, xizmatlar ulushi 46,7 foizga teng bo‘ldi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 112 foizni tashkil etdi. Xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi 118,3, qurilish ishlari hajmi 109,5 foizga yetdi.
Joriy yil uchun belgilangan Investitsiya dasturiga muvofiq, barcha manbalar hisobidan 4 trillion 508 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirildi. Jumladan, 10 davolash-profilaktika muassasasida 27 milliard so‘mlik kapital ta’mirlash ishlari bajarilib, bemorlar uchun sharoitlar yanada yaxshilandi. 22 umumta’lim maktabi hamda 10 kasb-hunar kollejida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. 60 suv ta’minoti inshootida 19 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilib, 159 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari foydalanishga topshirildi.
2015-2019-yillarga mo‘ljallangan muhandislik-kommunikatsiya dasturi asosida A-380 xalqaro milliy avtomagistrali qurilishi bo‘yicha 65 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarilib, 16 kilometr yo‘l foydalanishga topshirildi. Mahalliy ahamiyatga molik va xo‘jaliklararo yo‘llarni ta’mirlashga 12 milliard so‘m sarflandi, 30 kilometrga yaqin yo‘l ishga tushirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ijrosi doirasida sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 115 milliard so‘mlik 1 ming 641 loyiha amalga oshirildi. Natijada 7 ming 354 yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu dasturga ko‘ra, yirik loyihalardan biri – Qorao‘zak tumanidagi qiymati 17 milliard so‘m va 19 million dollarga teng bo‘lgan sement ishlab chiqarish korxonasi qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Yiliga 200 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur korxonada 200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.