Chuqur tahlil asosida

Navoiyda joriy yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda asosiy e’tibor Prezidentimizning joriy yil 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari va vazifalari ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Viloyatda 2015-yilning o‘tgan davrida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni yanada rivojlantirish, sanoat korxonalarini tizimli ravishda modernizatsiya qilib borish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan iqtisodiy nochor korxonalar faoliyatini kengaytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini yanada oshirish borasida salmoqli ishlar qilingani qayd etildi.

Hisobot davrida iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 4,3, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2,3, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 12,6 foizga o‘sishi ta’minlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,6 foizga ko‘paydi. Qurilish ishlari 5,9, chakana savdo aylanmasi 15,4, jami xizmatlar hajmi 18,7 foizga o‘sdi.

Hududiy korxonalar tomonidan amalga oshirilgan mahsulot va xizmatlar eksporti qariyb 40 million dollarni tashkil etdi. Jalb etilgan 1 trillion 1 milliard so‘mlik investitsiyalarning 7 milliard 500 millioni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. 741 yangi ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatda 34 ming yangi ish o‘rni yaratildi. “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosiga qariyb 143 milliard 700 million so‘m va 2 million 600 ming dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.

Tadbirda erishilgan yutuqlar barobarida, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi. Xususan, viloyatning ayrim tumanlarida chet el investitsiyalarini jalb etish, eksport faoliyatini rivojlantirish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish hajmi va eksport ko‘rsatkichlari kamaygani tanqid qilindi.Ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish bo‘yicha ishlarni belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Navoiy viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.