Nomoddiy madaniy meros – xalq boyligi

Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-oktabrdagi “2010-2020-yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlagan respublika o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, Jizzax viloyati hokimligi, Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda nomoddiy madaniy meros obyektlarini o‘rganish, asrash sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar, mutaxassislar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, o‘rganish va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– O‘zbekistonimiz nomoddiy madaniy meros durdonalariga boy dunyodagi kam sonli davlatlardan biridir, – deydi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktori Azamat Haydarov. – Mustaqillik yillarida ana shu bebaho boylikni asrash, targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nomoddiy madaniy meros durdonalarini o‘zida saqlovchilar va yetkazuvchilar haqida ma’lumotlar banki yaratilib, bu yo‘nalishdagi izlanishlar davom ettirilayotir. Mazkur tadbir ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, to‘plangan tajribalarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Nomoddiy madaniy meros obyektlarini ilmiy asosda o‘rganish, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, madaniyat va san’atimizning noyob durdonalarini dunyoga tanitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. “Nomoddiy madaniy merosni inventarlashtirishda ilmiy ekspeditsiyaning ahamiyati”, “Nomoddiy madaniy meros namunalarini muhofaza qilishdagi asosiy maqsad va vazifalar”, “Yoshlar tarbiyasida nomoddiy madaniy merosning o‘rni” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir doirasida xalq nomoddiy merosi namunalari ko‘rgazmasi, folklor-etnografik jamoalarining ijodidan namunalar namoyish etildi.

Xalqimizning nomoddiy madaniy merosini o‘rganish, asrash, targ‘ib etish, yosh avlodga yetkazish yuzasidan fikr almashildi.

Manba: O'zA