Muloqotning yangi media shakllari

2016-12-22

Toshkentda davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida shu mavzuda uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayev va boshqalar O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etishini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi jamoat tashkilotlari, xususan, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tayotgan ommaviy axborot vositalari oldiga yanada dolzarb vazifalarni qo‘yadi. Ushbu tashabbus mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Ommaviy axborot vositalarining yanada rivojlanishi, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida ularning o‘rni va rolini mustahkamlashga zamin yaratadi. Bular ommaviy axborot vositalari oldiga xalq bilan ochiq muloqot o‘rnatishda samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi, xususan, yoshlarga yetkazish, qonun loyihalarini muhokama qilish maqsadida xalqaro standartlarga mos media maydon, muloqotlarning yangi shakllarini taqozo etadi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan "Press klub: Saylov.uz – 2016" muvaffaqiyatli loyihalardan biriga aylandi.

Press-klub qisqa muddatda davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni ta’minlashning yangi usullarini aks ettirib, milliy va xorijlik ekspertlar, jurnalistlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi jarayonlarini kuzatish uchun kelgan xalqaro kuzatuvchilar tomonidan yuqori baholandi.

Tadbirda press-klub faoliyatini doimiy yo‘lga qo‘yish xalq bilan muloqotni yanada yaxshilash, mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni innovatsion usullardan keng foydalangan holda tezkor va xolis yoritib borishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan taraqqiy etayotgan hozirgi davrda ommaviy axborot vositalarining jamiyat va davlat hayotida tutgan o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.