Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida onlayn fototanlov o‘tkazildi

2016-12-22

Yoshlar ijod saroyida «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturining ijrosi doirasida «Shirintoy bolajon» fototanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi A.Jumaboyev va boshqalar mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom qilib voyaga yetkazish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Bu yil ilk marotaba tashkil etilgan mazkur tanlov shartiga ko‘ra, ota-onalar farzandlarining rasmlarini Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida onlayn tarzda joylashtirib bordi. Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich joriy yil 11-dekabrga qadar davom etdi. Tanlovda 1020 ishtirokchi qatnashdi, ularning rasmlarini ijtimoiy tarmoqlarda 200 mingdan ziyod tomoshabin kuzatib bordi. Yakuniy bosqichga eng ko‘p ovoz olgan 20 ishtirokchi taklif etildi.

Fotosuratlarda sho‘xligu shijoatga limmo-lim bolalikning beg‘ubor onlari, ular uchun mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlar, ta’lim muassasalaridagi zamonaviy shart-sharoitlar, shirintoylarning ta’lim, sport, san’at sohalarida erishgan muvaffaqiyatlari aks ettirilgan. Ularda mamlakatimiz tabiatining go‘zal manzaralari, hayotimizning turli qirralari, bolajonlarning quvonchu shodligi, hayot falsafasi o‘z aksini topgan.

– Men 3 yoshli qizalog‘im Shodiyaning tug‘ilgan kunida esdalik uchun olingan suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, ushbu tanlovda qatnashdim, – deydi poytaxtlik uy bekasi Kamola Nazarova. – Ona uchun eng katta baxt farzandining xursandchiligini ko‘rishdir. Bugun tanlovga kelib, farzandimning tengdoshlari suratini yayrab tomosha qilishini, o‘zining rasmini tanib quvonganini ko‘rib men ham zavqlandim. Qizim hali kichkina bo‘lishiga qaramay, maktabgacha ta’lim muassasasidagi raqs to‘garagiga qatnashadi. Kelajakda raqqosa bo‘lmoqchi.

Tanlov ishtirokchilari, avvalo, ota-onalarning o‘z farzandlariga mehri, baxt haqidagi tasavvurlarini o‘z fotosuratlarida aks ettirishga harakat qilgan.