Senator va deputatlar Ishtixon tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazmoqda

2017-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Samarqand viloyati Ishtixon tumanida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi munosabati bilan hamda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida amalga oshirilayotgan mazkur tadbir qonun ijodkorlarining joylarda islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini o‘rganish hamda aholining talab va takliflarini eshitgan holda kelgusi vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman faollari, tadbirkorlar, fuqarolar yig‘inlari raislari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mohiyati haqida so‘z yuritib, ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining aholi bilan muloqotlari muammolarga joyida yechim topish va hududlarni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uchrashuvda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermerlar o‘z faoliyatini kengaytirish, yer ajratish, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan Senat raisi va viloyat tashkilotlari rahbarlariga murojaat qilib, savollariga javob oldi.

– Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlaridan iborat guruhlar tarkibida Ishtixon tumanidagi davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishmoqdamiz, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati D.Sa’dullaev. – Aholi xonadonlariga kirib, ular bilan suhbatlashmoqdamiz. Jumladan, o‘rganishning dastlabki kunida tumanning “Xalqobod” qishloq fuqarolar yig‘inidagi mahallalar, 17-maktabgacha ta’lim muassasasi, 1-umumta’lim maktabi, maishiy xizmat kasb-hunar kollejida bo‘ldik. Mahalla faollari, tadbirkor va fermerlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan muloqot qildik. Suhbatlar davomida joylarda yuzaga kelayotgan muammolar, aholi turmush darajasini oshirishga to‘siq bo‘layotgan kamchilik va nuqsonlar haqida fikrlashdik.

Tadbirlar doirasida Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi deputatlari uchun seminar-trening tashkil etildi. Kengashdagi partiya deputatlik guruhlari, doimiy komissiyalari faoliyati o‘rganilib, zarur tavsiyalar berildi.

O‘n kun davom etadigan o‘rganish natijalari tuman Kengashi deputatlari va faollari ishtirokida muhokama etiladi.