Sirdaryo viloyati hokimi ijodkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

2017-02-28

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Guliston shahrida fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Tadbirda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi murojaatlari bilan ishlash, shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini, fuqarolar faolligini yanada oshirish, ijtimoiy soha vakillarini o‘ylantirayotgan masalalarni chuqur o‘rganish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, qurilish, obodonlashtirish, xalqimiz uchun qulay yashash sharoiti yaratish, bandligini ta’minlash, fuqarolar ongu tafakkurida vatanparvarlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Viloyat hokimi ijtimoiy soha vakillari bugungi kun talabi darajasida ish olib bormayotgani, jumladan, umumta’lim maktablarida ta’lim sifati ko‘ngildagidek emasligi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida davomat pastligi, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda ham qator kamchiliklar mavjudligini qayd etdi.

Ochiq muloqotda soha vakillari yechimini kutayotgan muammolar xususida fikr bildirdi, ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi. Xususan, sho‘r bosgan kanal va daryo bo‘ylariga shirin miya ekilib, mahsulotni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilsa, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, jahon bozorida xaridorgir bu mahsulot eksportidan katta foyda olish mumkinligi aytildi, o‘quv muassasalarida ta’lim sifatini oshirish borasida aniq takliflar bildirildi. Bosma nashrlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, nashrlar obunasini oshirish, yosh ijodkorlar asarlarini chop etish, madaniyat, san’at vakillari, sportchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida ham so‘z yuritildi.

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan viloyat hokimi biz, ijodkorlarni qiziqtirayotgan masalalar, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazayotgani ayni muddao bo‘lmoqda, – deydi “Sirdaryo haqiqati” – “Sirdarinskaya pravda” gazetalari bosh muharriri Alisher Toshmatov. – Bunday tadbirlar ijod ahlini hayot bilan hamqadam bo‘lish, hayotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarish va yangilanishlar haqida aholini keng xabardor qilib borish, umuman, ijtimoiy hayotda yanada fol bo‘lishga undaydi.