Oliy sud raisi o‘rinbosari Ohangaron tumanida ochiq muloqot o‘tkazdi

2017-06-20

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Bahodir Dehqonov ochiq muloqot o‘tkazdi.

Sud organlari tizimidagi odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammo va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan tadbirda Angren, Olmaliq shaharlari sudlari raislari, Ohangaron va O‘rta Chirchiq tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sud raislari, huquq-tartibot organlari vakillari, hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari rais va maslahatchilari ishtirok etdi.

Tadbirda sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

– Joriy yil 13-iyun kuni sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i bo‘lgan sud tizimining jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati g‘oyat katta ekanini alohida ta’kidladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari B.Dehqonov. – Kelgusida jinoyatchilikning oldini olish va bu boradagi ishlarni mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislarida ko‘rish ko‘lamini kengaytirish, sudlar faoliyatiga videokonferensiya aloqani keng joriy etish, sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlovchi idoralararo elektron ma’lumot almashish tizimini shakllantirish maqsad qilingan.

Mutaxassislar ishtirokida muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.