Yoshlar uchun profilaktika tadbirlari

2017-07-31

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati o‘zini o‘zi boshqarish organlarida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlarida uyushmagan yoshlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har hafta payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning fevral oyidan buyon viloyatdagi 299 umumta’lim maktabi, 52 akademik litsey va kasb-hunar kolleji, Guliston davlat universiteti, 227 mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan profilaktika tadbirlarida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, o‘quvchilarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish, sport, san’at va kasb o‘rgatishga yo‘naltirilgan to‘garaklar faoliyatini yanada jonlantirish, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xorijga noqonuniy chiqishning oqibatlari xususida atroflicha tushuntirish berildi.

Tadbirlar davomida viloyatdagi 70 mingdan ortiq xonadon turmush sharoiti o‘rganilib, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarni joyida hal etish choralari ko‘rildi. Ichki ishlar bo‘limlarida profilaktik hisobda turgan 24 nafar, ilgari sudlangan 867 nafar hamda muntazam huquqbuzarliklar sodir etayotgan 580 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Viloyat hududida amalga oshirilgan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning 6 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha jinoyatlar 465 taga kamaygan.

Profilaktika kuni munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir haftada viloyat hududida 43 jinoyat fosh etilgan va qidiruvda bo‘lgan 7 nafar shaxs qo‘lga olingan. Turli darajadagi jinoyatlar sodir etgan 51 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

– Sodir etilayotgan jinoyatlar, huquqbuzarlik holatlari tahlil qilinganida, ular asosan hech qayerda ishlamaydigan va o‘qimaydigan shaxslar yoki uyushmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani ayon bo‘ldi, – deydi viloyat IIB boshlig‘i, podpolkovnik M.Jo‘rayev. – Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali yo‘li bo‘lgan profilaktika tadbirlariga taklif etilayotgan mutasaddilar doirasini yanada kengaytirish, uyushmagan yoshlarga aniq ish taklif etish, navqiron avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlashimiz kerak.

Guliston shahridagi Osiyo mahallasida viloyat ichki ishlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, viloyat davlat soliq boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan profilaktika tadbirida viloyat va shahar hokimligi, huquq-tartibot idoralari xodimlari, nuroniylar, mahalla faollari, talaba-o‘quvchilar, uyushmagan yoshlar, ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida “Baron” hamda “Ajal jodusi” filmlari namoyish etildi.

Profilaktika tadbirlarida viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i M.Jo‘rayev va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, uyushmagan yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Murojaatlarni hech qanday to‘siqsiz ko‘rib chiqish, muammo va ijtimoiy-huquqiy masalalarda yaqindan yordam ko‘rsatish, uyushmagan yoshlar tomonidan qo‘yilgan masalalarni kechiktirmay bartaraf etish vazifalari yuklandi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.