Tahlil va tanqid ruhida

Farg‘ona viloyatida joriy yilning 9 oyida hududiy korxonalar tomonidan 182 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulot eksport qilindi.

2015-yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor Prezidentimizning 2015-yil 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari vazifalari ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Hisobot davrida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 6,6 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 11,4, chakana tovar aylanmasi 14,6, qurilish-pudrat ishlari 11,6, xizmat ko‘rsatish 17,4, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,8 foiz o‘sdi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar samarasida soha jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 1 ming 767 kichik biznes subyekti tashkil etildi. Mazkur soha subyektlariga tijorat banklari tomonidan 670 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratildi. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznesning ulushi 63,8 foizga yetdi.

Sanoat sohasini rivojlantirish, korxonalarda ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha hisobot davrida umumiy qiymati 150,7 milliard so‘mlik 541 loyiha amalga oshirildi. Bandlik dasturi doirasida 73 ming 682 yangi ish o‘rni yaratildi. Ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari turini kengaytirish, raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish dasturi muhim o‘rin tutmoqda. Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturi doirasida viloyatdagi 21 sanoat korxonasida 29 loyiha amalga oshirildi. Ular tomonidan 36,5 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 208 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi. To‘rtta yirik korxonada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kamaygani, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari, Qo‘shtepa, Yozyovon tumanlarida eksport ko‘rsatkichlari bajarilmagani hamda mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlashda ayrim tumanlarda loyihalar ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini g‘amlash borasida olib borilayotgan ishlar ham keng muhokama etilib, ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni qisqa fursatlarda bajarish zarurligi ta’kidlandi.

Farg‘ona viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.