Sarhisob va vazifalar tahlili

Jizzaxda 2015 yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi S.Ismoilov boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Yilning to‘qqiz oyida viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning 2015-yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasidabelgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari vazifalari ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 8,9 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,7, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,8, qurilish ishlari 11,1, chakana tovar aylanmasi 19,3 foizga o‘sgani qayd etildi.

Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 959 kichik biznes subyekti tashkil etildi. Ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 81,6 foizga yetdi.

Kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 284,7 milliard so‘m, jumladan, sanoat sohasini rivojlantirish uchun qariyb 58 milliard so‘m kredit ajratildi. Natijada sanoat sohasida 172, qishloq xo‘jaligida 618, xizmat ko‘rsatish sohasida 638 loyiha amalga oshirildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 5 korxonada 44,6 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Yilning o‘tgan davrida namunaviy loyihadagi uy-joylar qurish bo‘yicha Davlat dasturi asosida 15 massivda 234 yangi uy-joy qurilishi yakunlandi. Yangi massivlarda 19 kilometr elektr, 22,9 kilometr tabiiy gaz, 22,6 kilometr ichimlik suvi uzatish tarmoqlari, 8 bozor va boshqa ijtimoiy inshootlar qurilishi belgilangan reja asosida davom ettirildi.

Bandlik dasturiga asosan 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 15 ming 883 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi.

Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar e’tirof etilgan holda, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilindi va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Jizzax viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.